Savol javoblar

O’QUV MARKAZINI TASHKIL ETISHNING HUQUQIY ASOSI NIMA?
Ish bilan vaqtincha band bo’lmagan aholini, shu jumladan umumta’lim maktablarini, kollejlar va akademik litseylarni tamomlagan va doimiy ishga ega bo’lmagan shaxslarni kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007 yil 13 avgustdagi 170-sonli "Toshkent shahrida Koreya Xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) ishtirokida Kasb-hunarga o’qitish markazini tashkil etish choralari to’g’risida” qaroriga hamda "O’zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Koreya Respublikasi Hukumati o’rtasida O’zbekistonda professional ta’limning imkoniyatlarini rivojlantirish bo’yicha loyihani amalga oshirish to’g’risidagi Kelishuv”ga (2007 yil 28 dekabr) muvofiq Toshkent shahridagi Kasb-hunarga o’qitish markazi tashkil etildi.
O’QUV MARKAZINI TASHKIL ETISHDAN KO’ZLANGAN ASOSIY MAQSAD NIMA VA MARKAZDA QANDAY MUTAXASSISLIKLAR BO’YICHA O’QITILADI?
O’quv markazni tashkil etishdan ko’zlangan asosiy maqsad – fuqarolarni respublika mehnat bozorida talabga ega bo’lgan mutaxassisliklar bo’yicha bir yilgacha muddatda kasb-hunarga qayta o’qitib, tayyorlashdan iborat. Markazda ish bilan band bo’lmagan aholini, shu jumladan kollejlar va liseylarni tamomlagan hamda doimiy ishga ega bo’lmagan shaxslarni, 11-sinf ma’lumotiga ega bo’lgan fuqarolarni quyidagi asosiy yo’nalishlar va mutaxassisliklar:"Elektrotexnika, elektromexanika va elektr texnologiyalari”yo’nalishida – elektr qurilmalari, tarmoqlar va elektron uskunalarga texnik xizmat ko’rsatish va ta’mirlash bo’yicha mutaxassislar;"Mashinasozlik texnologiyalari, mashinasozlik ishlab chiqarishni avtomatlashtirish”yo’nalishida – tokarlar, CNC (Numeral control) tokarlari, frezerchilar, payvandchilar va metallarga ishlov berish bo’yicha mutaxassislar;"Axborot tizimlari va texnologiyalari”yo’nalishida – hisoblash mashinalari operatorlari, kompyuter va boshqa org.texnikaga xizmat ko’rsatish va ta’mirlash bo’yicha mutaxassislar, ma’lumotlar bazasi administratorlari, S#, RNR, HTML-JAVA Script bo’yicha dasturlash, veb-dizaynerlar, dizaynerlar va boshqalar;"Avtomobillarga texnik xizmat ko’rsatish va ta’mirlash”yo’nalishida – avtomobillarga xizmat ko’rsatish va ta’mirlash bo’yicha avtochilangarlar, motorchilar, avtomobillar diagnostikasi bo’yicha mutaxassislar bo’yicha 1 yilgacha muddatda bepul tayyorlanadi va qayta tayyorlanadi. Shuningdek, O’zbekistonning mehnat bozorida talab katta bo’lgan kasblar bo’yicha ish izlayotgan shaxslarni hamda korxona (tashkilot)larning buyurtmasi asosida qisqa muddatlarda pullik o’qitiladi. Shuningdek, xorijga (jumladan, Janubiy Koreyaga) ishga yuborilayotgan fuqarolar ketishdan oldin pullik ravishda texnika xavfsizligi va mehnat muhofazasi tartib-qoidalarining asoslari bo’yicha o’qitiladi..
MARKAZDA KASB-HUNARGA O’QISH MUDDATI QANDAY?
Markazda kasb-hunargao’qish muddati 10 oy, shundan Markazda o’qish – 6 oy, korxonalarda ishlab chiqarish amaliyoti – 4 oy. Yuqorida ko’rsatilgan mutaxassisliklar bo’yicha o’qitishning nazariy (30 foiz) va amaliy mashg’ulotlar (70 foiz) tashkil etadi. Markazda amaliy mashg’ulotlar so’nggi rusumdagi zamonaviy o’quv-ishlab chiqarish va kompyuterlar bilan jihozlangan sinfxonalarda va ilg’or dasturiy ta’minotlar hamda Janubiy Koreyaning beg’araz yordami loyihasi doirasida keltirilgan dastgohlar, stanoklar, o’quv qo’llanmalar asosida amalga oshiriladi.
O’QUV MARKAZIGA QABUL BOSHLANGANLIGINI QANDAY BILISH MUMKIN?
O’zbekiston Respublikasi Bandlik va Mehnat munosabatlari vazirining 2012 yil 29 noyabrdagi 74-son buyrug’i (ro’yxat raqami 2408, 2012 yil 25 dekabr) bilan tasdiqlangan "Toshkent shahridagi Kasb-hunarga o’qitish markaziga o’quvchilarni 1 yilgacha muddatga bepul o’qitishga qabul qilish va ularni qayta tayyorlash hamda kirish malaka imtihonlari (testlari)ni o’tkazish tartibi to’g’risida”gi Nizomga asosan Markazda o’qish uchun qabul o’qitishning navbatdagi bosqichi boshlanishidan qirq besh kun oldin boshlanadi. Qabul haqida e’lon "Xalq so’zi”, "Народное слово” ro’znomalarida chop etiladi, Internet tarmog’idagi vazirlikning www.mehnat.uz va markazning www.vtct.uz saytlarida joylashtiriladi.
O’QUV MARKAZIGA QABUL QANDAY HUJJATGA ASOSAN VA QAYSI MUDDATLARDA AMALGA OSHIRILADI?
O’zbekiston Respublikasi Bandlik va Mehnat munosabatlari vazirining 2012 yil 29 noyabrdagi 74-son buyrug’i (ro’yxat raqami 2408, 2012 yil 25 dekabr) bilan tasdiqlangan Toshkent shahridagi Kasb-hunarga o’qitish markaziga o’quvchilarni 1 yilgacha muddatga bepul o’qitishga qabul qilish va ularni qayta tayyorlash hamda kirish malaka imtihonlari (testlari)ni o’tkazish tartibi to’g’risidagi Nizomga muvofiq 1 yilda ikki marotaba amalga oshiriladi.
O’QUV MARKAZIGA QABUL JARAYONIDA QANDAY HUJJATLAR TALAB QILINADI?
Talab qilinadigan hujjatlar: ariza (belgilangan shaklda), pasport (asli va nusxasi), Bandlikka ko’maklashish markazi tomonidan berilgan yo’llanma, 3 tomonlama shartnoma(Bandlikka ko’maklashish markazi, korxona, Fuqaro) 3,5x4,5 mm hajmdagi 6 dona rangli fotosurat.
O’QUV MARKAZIGA TUMAN (SHAHAR) BANDLIKKA KO’MAKLASHISH MARKAZINING YO’LLANMASINI OLMASDAN HUJJATLAR TOPSHIRISH MUMKINMI?
Kasb-hunarga o’qitish markaziga hujjatlar, o’qish istagini bildirganlarning ixtiyoriy tanloviga muvofiq, faqatgina tuman (shahar) Bandlikka ko’maklashish markazining yo’llanmasi asosida qabul qilinadi, chunki belgilangan tartibda "ishsiz” deb e’tirof etilgan va yo’llanma berilib, Markazga o’qishga qabul qilingan o’quvchilarga bevosita Markazda bepul o’qigan davrida Bandlikka ko’maklashish davlat jamg’armasida ushbu maqsadlar uchun nazarda tutilgan mablag’lar hisobiga qonun hujjatlarida belgilangan eng kam ish haqi miqdorida, biroq 6 oydan ko’p bo’lmagan muddatga stipendiya to’lanadi.
BANDLIKKA KO’MAKLASHISH MARKAZIDA "ISHSIZ” DEB E’TIROF ETILIB, YO’LLANMA ASOSIDA O’QISHGA HUJJAT TOPSHIRGAN FUQAROLAR QAY ASOSDA KIRISH IMTIHONLARI (TESTLARI)NI TOPSHIRISHADI?
O’zbekiston Respublikasi Bandlik va Mehnat munosabatlari vazirligining yuqorida qayd etilgan (29.11.2012 y. 74-son, ro’yxat raqami 2408, 25.12.2012 y.) buyrug’i bilan tasdiqlangan "Toshkent shahridagi Kasb-hunarga o’qitish markaziga o’quvchilarni bir yilgacha muddatga bepul o’qitishga qabul qilish va ularni qayta tayyorlash hamda kirish malaka imtihonlari (testlari)ni o’tkazish tartibi to’g’risida”gi Nizomga muvofiq Markazda o’qitishning asosiy to’rtta yo’nalishi bo’yicha 360 nafar fuqaro (har bir yo’nalishda 90 nafardan) kasb-hunarga o’qitilishini hisobga olib, o’qishga kiruvchilar uchun markaz tomonidan kirish imtihonlari (testlar) tashkil etiladi. Kirish imtihonlari (testlar) har bir yo’nalish bo’yicha alohida kunlarda o’tkaziladi. Ushbu imtihonlarda (har bir yo’nalish bo’yicha) 50 tadan savol bo’lib, har bir savolga 4 tadan javob berilgan va har bir to’g’ri javobga "2 ball” beriladi. Markazga kasb-hunarga o’qishga keluvchilar tuman (shahar) Bandlikka ko’maklashish markazlari tomonidan "ishsiz” deb e’tirof etilganligi va ularning yo’llanmasi asosida kelganligini hisobga olib, kirish imtihonlari (testlar)ni muvaffaqiyatli topshirish uchun ma’lum miqdorda o’tish balli belgilanmagan. Masalan, ma’lum yo’nalishda kasb-hunarga o’qish (qayta o’qish) maqsadida hujjat topshirgan fuqarolar soni 130 ta bo’lsa, shundan 90 nafarini tanlab olish uchun, ular tomonidan kirish imtihonlari (testlar)ni topshirish natijasiga ko’ra eng yuqori ball to’plaganlardan pastga qarab 90 nafari o’tgan hisoblanadi.
TAYYORGARLIK KO’RISH UCHUN KIRISH IMTIHON (TEST) SAVOLLARI BILAN QANDAY TANISHSAK BO'LADI?
Markazga kasb-hunarga o’qish uchun kirish imtihonlari boshlanishidan o’n kun oldin namunaviy savollar markazning kirish qismidagi e’lonlar peshtaxtasiga osiladi va markazning Internetdagi veb-sayti www.vtct.uz saytiga joylashtiriladi.
MARKAZDA DARS O’TAYOTGAN O’QITUVCHILAR TO’G’RISIDA MA’LUMOT BERSANGIZ?
Kasb-hunarga o’qitish markazining o’qituvchilari va ishlab chiqarish ustalarining aksariyati ilgari Toshkent shahridagi kasb-hunar kollejlarida saboq berib kelgan, yetarli malaka va tajribaga ega bo’lganlar hisoblanadi. Shuningdek, bugungi kunda markazda Toshkent shahridagi yetuk oliy ta’lim muassasalarida, jumladan Toshkent Davlat Texnika universtiteti (2 nafar), Toshkent Avtomobil va yo’llar instituti (2 nafar), Toshkent Axborot texnologiyalari universiteti (1 nafar) mehnat faoliyati yuritayotgan katta tajribaga ega bo’lgan ustozlar markaz o’quvchilariga kasb-hunar sirlarini egallashda saboq berishmoqda. Bundan tashqari, markazning 10 nafarga yaqin o’qituvchi va ishlab chiqarish ustalari Koreya Xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) yordamida Koreya davlatida malaka oshirib kelishgan.
UCH TOMONLAMA SHARTNOMA NIMA?
Uch tomonlama shartnomani 1 tomondan tuman(shahar) Bandlikka ko'maklashish markazi, ikkinchi tomondan fuqaro ishlash istagini bildirgan korxona hamda uchinchi tomondan fuqaro imzolaydilar. Imzolangan shartnoma nusxasi markazga hujjat topshirish vaqtida beriladi.
O’QUV MARKAZIDA YOTOQXONA MAVJUDMI, KIMLAR YOTOQXONAGA JOYLASHADI?
Markazda 100 o’ringa mo’ljallangan "O’quvchilar turar-joyi” bor. Ushbu "O’quvchilar turar-joyi”ga hududlar (Qoraqalpog’iston Respublikasi va viloyatlar)dan kelgan – kirish imtihonlari (testlar)ni muvaffaqiyatli topshirib, o’quvchilar safiga qabul qilinganlar, markazda o’qish davriga (6 oyga), belgilangan tartibda joylashtiriladi.
O’QUV MARKAZINI BITIRGANDAN SO’NG O’QUVCHIGA QANDAY HUJJAT TAQDIM ETILADI?
Markazda olti oy davomida kasb-hunarga o’qigan va to’rt oy davomida ishlab chiqarish amaliyotini o’tagan o’quvchilar markazda yakuniy bitiruv imtihonlarini topshirishadi. Yakuniy bitiruv imtihonlarini muvaffaqiyatli topshirgan Markaz bitiruvchilariga egallagan kasbi (mutaxassisligi) bo’yicha mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi davlat namunasidagi diplomberiladi.
O’QUV MARKAZIDA QO’SHIMCHA O’QISH UCHUN SHAROIT BORMI?
Markazda kasb-hunarga o’qitishning yuqorida qayd etilgan to’rtta asosiy yo’nalish bo’yicha qisqa muddatli (qo’shimcha) hamda xorijiy tillar (koreys, ingliz va boshqa) o’rganish bo’yicha yetarli sharoit yaratilgan. Qisqa muddatli (qo’shimcha) o’qish fuqarolarning ixtiyoriy tanlovi va korxona (tashkilot)larning buyurtmasi asosida tashkil etiladi. Mazkur qisqa muddatli (qo’shimcha) o’qitish pullik asosda amalga oshiriladi. Buning uchun qisqa muddatli o’qish istagini bildirgan fuqaro hamda mutaxassis tayyorlab berish va/yoki xodimining malakasini oshirib berish bo’yicha buyurtma bergan korxona Markaz bilan qonunchilikda belgilangan tartibda shartnoma imzolaydi. Markazda qisqa muddatli pullik kurslarni tamomlaganlarga o’rnatilgan tartibda sertifikat topshiriladi.
O’QUV MARKAZIDA SHARTNOMA ASOSIDA QAYSI MUTAXASSISLIKLARGA O’QISH MUMKIN?
Markazda avtomobillarni ta’mirlash texnik-mexanigi, metallarga qayta ishlov berish texnik-mexanigi,elektr-gaz payvandlovchisi,tokar, frezerchi mutaxassisliklari bo’yicha shartnoma asosida korxonalarning ishchi-xodimlari hamda O’zbekistonning mehnat bozorida talab katta bo’lgan kasblar bo’yicha ish izlayotgan shaxslar pullik asosda qisqa muddatda o’qitiladi, qayta tayyorlanadi va malakasi oshiriladi.
MARKAZDA O’QIYDIGAN O’QUVCHILARGA STIPENDIYA TO’LANADIMI?
Markazga o’qishga qabul qilingan o’quvchilarga bevosita Markazda bepul o’qigan davrida (6 oy) tuman (shahar) Bandlikka ko’maklashish markazi tomonidan Bandlikka ko’maklashish davlat jamg’armasida ushbu maqsadlar uchun nazarda tutilgan mablag’lar hisobiga qonun hujjatlarida belgilangan eng kam ish haqi miqdorida, biroq 6 oydan ko’p bo’lmagan muddatga stipendiya to’lanadi. Markazda qabul qilingan o’quvchilarning kunlik davomati (darslarga qatnaganligi) to’g’risida har oylik tabel vazirlikning Internetdagi (www.mehnat.uz) veb-saytidagi maxsus elektron pochta dasturi "BESTDOC” orqali har oyda tuman (shahar) Bandlikka ko’maklashish markazlariga yuboriladi va ular shunga muvofiq stipendiyani to’lashni amalga oshirishadi.
O’QUV MARKAZINI BITIRGANDAN SO’NG XORIJGA CHET DAVLATLARGA CHIQIB ISHLASH IMKONI BORMI?
Toshkent shahridagi Kasb-hunarga o’qitish markazi o’zining o’quvchilarini, bitiruvchilari va boshqa shaxslarniJanubiy Koreya va boshqa chet el davlatlariga ishlashga yoki o’qishga (o’qitishga,qayta tayyorlashga) yubormaydi,ishyoki o’qish bilan ta’minlamaydi va bunday huquqqa hamda bu borada biror bir imtiyoz (kafolat)lar bermaydi va berishga haqli emas.
MARKAZ FAOLIYATI TO’G’RISIDA BOSHQA MA’LUMOTLARNI QAYSI MANBALARDAN OLISH MUMKIN?
O’quv markazining faoliyati haqida qo’shimcha ma’lumotlarni markazning "Marketing va ishga joylashtirish monitoringi sho’basi”dan (telefon raqami 2511903, Toshkent kodi bilan) olish mumkin. Shuningdek, markazda tashkil etilgan va o’tkazilayotgan tadbirlar, fotolavhalar va boshqalar bilan markazning Internet tarmog’idagi www.vtct.uz saytida tanishish mumkin. Toshkent shahridagi Kasb-hunarga o’qitish markazi Marketing va ishga joylashtirish monitoringi sho’basi.