TOSHKENT SHAHRIDAGI BAND BO'LMAGAN AHOLINI KASB-HUNARGA O’QITISH MARKAZINI TASHKIL ETISH

O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007 yil 13 avgustdagi 170-sonli "Toshkent shahrida Koreya Xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) ishtirokida Kasb-hunarga o’qitish markazini tashkil etish choralari to’g’risida” qaroriga muvofiq O'zbekiston Respublikasi Bandlik va Mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan KOICA bilan birgalikda Toshkent shahri, Sergeli tumanida 360 o’rinli (100 o’rinli yotoxonali) Kasb-hunarga o’qitish markazi tashkil etildi. Markaz o’zining faoliyatini 2012 yilning iyun oyidan boshladi.

MARKAZDA TASHKIL ETILGAN KURSLAR

Bundan tashqari, markazda mehnat bozorida talabga ega bo’lgan kasblar va mutaxassisliklar bo’yicha qisqa muddatli o’qitishlar tashkil etildi va hozirgi kunda bundaylar soni 100 tadan ortiq. Shuningdek, joriy yilning avgust-sentyabr oylarida Koreya Respublikasiga ishga yuborilayotgan yoshlar ichidan 200 nafarga yaqini markazda maxsus ishlab chiqilgan o’quv dasturi va rejalari asosida texnika va yong’in xavfsizlgi va mehnat muhofazasi bo’yicha o’qitildi.

O'QITISH VA AMALIYOT BO'YICHA O'ZARO HAMKORLIK

O’rta maxsus kasb-hunar ta’limi markazi va KOICA bilan kelishilgan holda Markaz xodimlari tarkibi yuqori malakali o’qituvchilar va ishlab chiqarish ustalari hisobiga shakllantirildi. O’qituvchilar va ishlab chiqarish ustalarining asosiy qismini loyiha doirasida 2011 yilning iyun-iyul oylarida Koreya Respublikasida 1 oy muddatda o’qib, malakasini oshirib qaytganlar tashkil etadi. KOICA bilan kelishuvga ko’ra Koreya Respublikasidan Markazda o’qitishning asosiy yo’nalishlari bo’yicha 5 nafar yuqori malakali o’qituvchi –professorlar Toshkentga yuborildi. Ushbu o’qituvchi-professorlar 3 oy davomida Janubiy Koreyadan keltirilgan zamonaviy uskunalar, stanoklar, o’quv-laboratoriya jihozlari va qo’llanmalarini Markaz o’quv xonalariga va ishlab chiqarish ustaxonalariga o’rnatish (montaj qilish) hamda markaz o’qituvchi va ishlab chiqarish ustalarini o’quv-ishlab chiqarish bo’yicha o’qitishdi.

BANDLIKKA KO'MAKLASHISH MARKAZLARI BILAN HAMKORLIK

O’tgan davrda tuman (shahar) Bandlikka ko’maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazlarining yo’llanmasi va korxonalar bilan tuzilgan uch tomonlama shartnomalar asosida o’qishga qabul qilingan jami 700 nafarga yaqin ishsizlar kasb-hunarga o’qitildi. Markazda kasb-hunarga o’qitilgan yoshlar bugungi kunda "O’zavtosanoat”, "O’zeltexsanoat”, "O’ztelekom”, "Toshavtotexxizmat”, "GM Powertrain Uzbekistan” YoAJ, "O’zagromashservis”, Toshkent truba zavodi, Toshkent Quyuv-mexanika zavodi,«GSKB Irrigasiya zavodi», «Elektroapparat zavodi», «Bekobod Metallurgiya kombinati», «Sharq» konserni, «O’ztelekom» AJ, «Toshavtotexxizmat» AJ, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tizmi tashkilotlari va boshqa qator korxona va tashkilotlarda faoliyat yuritishmoqda.