Men Sizni Toshkent shahridagi band bo'lmagan aholini Kasb-hunarga o’qitish markazining saytiga tashrif buyurganingizdan bag’oyat minnatdorman va har doim "Xush kelibsiz!” deb kutib olishdan baxtiyorman.

Toshkent shahridagi band bo'lmagan aholini Kasb-hunarga o’qitish markazi O’zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining tuzilmaviy bo’linmasi hisoblanib, o’z faoliyatini 2012 yil iyun oyidan boshlagan. Markaz "O'zbekistonda kasb-hunarga o’qitish salohiyatini rivojlantirish” loyihasi doirasida Koreya Respublikasi hukumatining grant mablag'lari evaziga tashkil etilgan bo’lib, mavjud imkoniyatlari va amaliy ahamiyati bilan noyob hisoblanadi. Tez o’zgaruvchan bozor konyunkturasi sharoitida qisqa muddatlarda yangi, zamonaviy ishchi kadrlarni tayyorlaydigan ta’lim muassasalariga ehtiyoj vujudga keladi. Shu nuqtai nazardan bizning Markaz mamlakatimizdagi mavjud, dunyoda o’xshashi yo’q, kasb-hunarga o’qitish tizimida o’zining munosib o’rniga ega. Bu yerda har yili, ishsizlar orasidan 720 nafar qobiliyatli yoshlar tanlab olinib, to’rtta asosiy yo’nalishda, ya’ni: mashinosozlik ishlab chiqarish texnologiyalari, elektrotexnika va elektronika, avtomobillarni ta’mirlash va texnik xizmat ko’rsatish, axborot tizimlari va texnologiyalari yo’nalishlarida kasb-hunarga qayta o’qitiladi va tayyorlanadi. Markaz zamonaviy o’quv-laboratoriya jihozlari, o’quv-ishlab chiqarish uskunalari va stanoklar, o’quv qurollari va qo’llanmalar bilan jihozlangan. Respublikamizning boshqa hududlaridan kelgan o’quvchilar uchun 100 o’rinli, tegishli sharoitlarga ega yotoqxona ham mavjud. Markazda ta'lim beradigan o'qituvchilar va ishlab chiqarish ta'lim ustalarining aksariyati Koreyada maxsus stajirovkada bo’lib, u yerdagi o’quv jarayonini o’rganib kelishgan va yaxshi tayyorgarlikdan o’tishgan. Markazning o’quv dasturi va o’qitish jarayoni ham o’ziga xos. O’qish 30 foiz nazariy va 70 foiz amaliy mashg’ulotlardan iborat bo’lib, bu malakali ishchi mutaxassisni shakllantirishda muhim ahamiyatga ega.

Markazda kasb-hunarga o’qitish muddati – o’n oyni tashkil etib, to’rt oylik ishlab chiqarish amaliyoti o’tashni ham ko’zda tutadi Bunda, amaliyot bo’lajak ish joyida, ya’ni bevosita korxonada o’tkaziladi. Markazga Toshkent shahridagi va hududlardagi ishlab chiqarish korxonalarining qiziqishi ortib bormoqda. Ko'plab korxonalarning ishchi mutaxassis tayyorlab yoki hodimlarining malakasini oshirib berish haqidagi buyurtmalari kelib tushayotgani buning yaqqol isbotidir. Bu yo’nalishda markazda zamonaviy ishlab chiqarish tarmoqlari va sanoat korxonalari bilan hamkorlik aloqalari o’rnatilgan.