O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Ishsiz va band bo‘lmagan aholini kasb-hunarga o‘qitish mintaqaviy markazlarida o‘qishga qabul qilish, kasb-hunarga o‘qitish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida
Ishsiz va band bo‘lmagan aholini kasb-hunarga qayta tayyorlashni samarali tashkil etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi hududlarida ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitish markazlarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 10-apreldagi 199-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Ishsiz va band bo‘lmagan aholini kasb-hunarga o‘qitish mintaqaviy markazlarida o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risida nizom 1-ilovaga muvofiq;
Ishsiz va band bo‘lmagan aholini kasb-hunarga o‘qitish mintaqaviy markazlarida kasb-hunarga o‘qitish tartibi to‘g‘risida nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 3-ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari J.A. Qo‘chqorov hamda bandlik va mehnat munosabatlari vaziri A.A. Xaitov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 14-oktabr,
824-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 14-oktabrdagi 824-son qaroriga
1-ILOVA
Ishsiz va band bo‘lmagan aholini kasb-hunarga o‘qitish mintaqaviy markazlarida o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Ishsiz va band bo‘lmagan aholini kasb-hunarga o‘qitish mintaqaviy markazlarida (keyingi o‘rinlarda O‘quv markazi deb ataladi) ishsiz va band bo‘lmagan aholini o‘qishga qabul qilish tartibini belgilaydi.
2. O‘zbekiston Respublikasining aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risidagi va mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq o‘n olti yoshdan pensiya bilan ta’minlanish huquqini olishgacha bo‘lgan yoshdagi, haq to‘lanadigan ishga yoki daromad keltiradigan mashg‘ulotga ega bo‘lmagan, ish qidirayotgan va ish taklif etilsa, unga kirishishga tayyor bo‘lgan yoxud kasbga tayyorlashdan, qayta tayyorlashdan o‘tishga yoki malakasini oshirishga tayyor bo‘lgan mehnatga layoqatli shaxslar (bundan ta’lim muassasalarida ta’lim olayotganlar mustasno) ishsiz deb hisoblanadi.
Ushbu bandning birinchi xatboshida ko‘rsatilgan, ishga joylashishda ko‘mak olish uchun mahalliy mehnat organlariga murojaat qilgan va ular tomonidan ish qidiruvchi sifatida ro‘yxatga olingan shaxslar ishsiz deb e’tirof etiladi.
3. O‘zbekiston Respublikasining “Aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risida”gi Qonunining 23-moddasiga muvofiq mehnat organlarida ro‘yxatga olingan va ishsiz deb e’tirof etilgan shaxslarni kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish quyidagi holatlarda amalga oshirilishi mumkin, agar:
ishsiz shaxs zarur kasb malakasiga ega bo‘lmaganligi tufayli unga maqbul keladigan ish tanlash mumkin bo‘lmasa;
ishsiz shaxsning kasb ko‘nikmalariga mos keladigan ish yo‘qligi sababli uning kasbini (mutaxassisligini, mashg‘ulot turini) o‘zgartirish zarur bo‘lsa;
ishsiz shaxs avvalgi kasbi bo‘yicha ish bajarish qobiliyatini yo‘qotgan bo‘lsa.
4. Mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq kasbga tayyorlash, malaka oshirish yoki qayta tayyorlash davrida stipendiya to‘lanishi hamda shu davrni mehnat stajiga qo‘shish fuqarolarga (ishsizlarga) davlat tomonidan moddiy yordam berishga oid kafolatlar hisoblanadi.
Kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malaka oshirish davrida fuqarolarga qonun hujjatlariga muvofiq stipendiya to‘lanadi.
5. Mazkur Nizom talablari O‘quv markazi tomonidan to‘lov asosida tashkil etiladigan qisqa muddatli o‘quv kurslariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
2-bob. O‘quv markaziga o‘qishga qabul qilishni tashkil etish
6. O‘quv markaziga ishga joylashtirish bo‘yicha ish beruvchi, bandlikka ko‘maklashish tuman (shahar) markazlari (keyingi o‘rinlarda Markaz deb ataladi) va ishga joylashish xohishini bildirgan shaxs o‘rtasida tuziladigan uch tomonlama shartnoma hamda mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq shakldagi Markaz yo‘llanmalari mavjud bo‘lgan ishga joylashtirishga muhtoj ishsiz va band bo‘lmagan aholi, shu jumladan kasb-hunar kollejlarini va akademik litseylarni bitirgan doimiy ishga ega bo‘lmagan shaxslar o‘qishga qabul qilinadi.
7. O‘quv markazida o‘qishga qabul qilishni tashkil etish o‘qish boshlanishidan kamida yetmish kun oldin O‘quv markazi direktori tomonidan tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, viloyatlar yoki Toshkent shahri Bandlik bosh boshqarmasi bilan kelishgan holda tasdiqlanadigan Ishsiz va band bo‘lmagan aholini kasb-hunarga o‘qitish mintaqaviy markaziga qabul qilish rejasi (keyingi o‘rinlarda qabul rejasi deb ataladi) asosida amalga oshiriladi.
8. Qabul rejasida o‘qishga hujjatlarni qabul qilish boshlanadigan kun va kasb yo‘nalishlari bo‘yicha qabul kvotasi ko‘rsatiladi.
Qabul rejasi asosida O‘quv markazi tomonidan o‘qishga qabul qilish uchun hujjatlar qabul qilinadigan vaqt, qayta tayyorlash kasblari ro‘yxati, qayta tayyorlash kasblari bo‘yicha kirish imtihonlari uchun test savollari tuziladigan fanlar ro‘yxati, O‘quv markazining manzili va murojaat uchun telefon raqamlari ko‘rsatilgan ma’lumotlar o‘qish boshlanishidan kamida oltmish besh kun oldin ommaviy axborot vositalarida, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda O‘quv markazining rasmiy veb-saytlarida e’lon qilinadi.
Mazkur e’lon O‘quv markazi tomonidan fuqarolar tanishishi uchun qulay bo‘lgan joyga osib qo‘yiladi.
9. O‘qishga qabul qilishni tashkil etish uchun O‘quv markazi direktorining buyrug‘i bilan kamida besh kishidan iborat tarkibda ishchi guruh tuziladi. Bunda O‘quv markazining Marketing va ishga joylashtirish monitoringi shu’basi mudiri ishchi guruh rahbari hisoblanadi.
10. Quyidagilar ishchi guruhning asosiy vazifalari hisoblanadi:
o‘qishga kirish uchun nomzodlarning (keyingi o‘rinlarda nomzodlar deb ataladi) hujjatlarini qabul qilish;
kirish imtihonlaridan oldingi maslahat mashg‘ulotlari va kirish imtihonlarining o‘tkazilishini tashkil etish.
11. Nomzodlarning hujjatlarini qabul qilish o‘qish boshlanishidan oltmish kun oldin boshlanadi va o‘ttiz kun davom etadi.
12. Nomzodlar tomonidan quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq shaklda ariza;
ishga joylashtirish bo‘yicha uch tomonlama shartnoma nusxasi;
Bandlikka ko‘maklashish tuman (shahar) markazi tomonidan berilgan yo‘llanma.
Nomzodlardan mazkur bandda ko‘rsatilmagan boshqa hujjatlarni talab qilish taqiqlanadi. Hujjatlarni topshirish vaqtida pasportning asli ko‘rsatiladi.
Quyidagi hujjatlar O‘quv markazi tomonidan tegishli davlat organlari va tashkilotlardan mustaqil ravishda, shu jumladan “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali so‘rab olinadi:
pasport nusxasi;
ma’lumotini tasdiqlovchi hujjatning nusxasi (diplom yoki attestat).
13. Hujjatlarni topshirgan shaxsga ularning qabul qilib olinganligi haqida tilxat beriladi. Hujjatlarni qabul qilishda nomzodlarni ro‘yxatga olish kitobiga nomzod test sinovlarini topshiradigan til qayd etiladi.
14. Nomzodlarning hujjatlari saqlanishi uchun ishchi guruh rahbari mas’ul hisoblanadi.
3-bob. Kirish imtihonlarini o‘tkazish
15. O‘qishga qabul qilish uchun hujjatlar qabul qilinadigan vaqt mobaynida hujjat topshirgan nomzodlar soni kasb yo‘nalishi bo‘yicha belgilangan qabul kvotasidan oshgan taqdirda ushbu yo‘nalish bo‘yicha nomzodlar uchun kirish imtihonlari o‘tkaziladi.
16. Kirish imtihonlarini o‘tkazish uchun tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, viloyatlar yoki Toshkent shahri Bandlik bosh boshqarmasi bilan kelishilgan holda Markaz direktorining buyrug‘i bilan kamida 9 kishidan iborat quyidagi tarkibda komissiya tuziladi:
komissiya raisi — tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vaziri yoki vazir o‘rinbosari, viloyatlar yoki Toshkent shahri Bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i yoki boshliq o‘rinbosari (ular bo‘lmaganda, ularning vazifasini bajaruvchi shaxs);
komissiya raisi o‘rinbosari — O‘quv markazi direktori;
komissiya kotibi — O‘quv markazi direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari;
komissiya a’zolari — O‘quv markazining mas’ul xodimlari hamda kelishuv asosida turdosh kasb-hunar kollejlarining o‘qituvchilari yoki ishlab chiqarish ta’limi ustalari.
17. Kirish imtihonlari o‘qitishning navbatdagi bosqichi boshlanishidan kamida o‘n besh kun oldin boshlanadi va har bir yo‘nalish bo‘yicha alohida kunda o‘tkaziladi. Kirish imtihonlarini o‘tkazish jadvallari komissiya tomonidan tuziladi va tasdiqlanadi.
Kirish imtihonlari bo‘lib o‘tadigan kunlar, kasblar haqidagi ma’lumotlar O‘quv markazining e’lonlar taxtasiga osib qo‘yiladi va bir vaqtning o‘zida uning rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.
18. Kirish imtihonlaridan oldin nomzodlar ishchi guruh tomonidan belgilangan kunlarda O‘quv markazi binosida o‘tkaziladigan maslahat mashg‘ulotlarida ishtirok etishlari mumkin. Bunda nomzodlarga test sinovlariga qaysi manbalar asosida tayyorlanish lozimligi hamda test sinovlarini qaysi tartibda o‘tkazilishiga doir tushuntirishlar beriladi.
19. Kirish imtihonlari test shaklida o‘tkaziladi.
20. Test savollari tegishliligiga ko‘ra, mazkur Nizomning 3-ilovasida keltirilgan Ishsiz va band bo‘lmagan aholini kasb-hunarga o‘qitish mintaqaviy markazlarida test savollari tuziladigan fanlar ro‘yxatiga muvofiq komissiya tomonidan tuziladi.
21. Test savollari komissiya majlisi bayoni bilan tasdiqlanadi. Test savollari hujjat topshirgan nomzodlarning xohishiga ko‘ra ular uchun qulay bo‘lgan tilda tuziladi.
Test savollari va ularning javoblari komissiya kotibida saqlanadi va kotib ularning oshkor qilinmasligi uchun mas’ul hisoblanadi.
22. Nomzodga test sinovini qayta topshirishga ruxsat berilmaydi.
23. Test sinovlarini o‘tkazish vaqtida test sinovlari o‘tkazilayotgan auditoriyada nomzodlar, auditoriya rahbari, auditoriya kuzatuvchisidan tashqari boshqa shaxslarning bo‘lishi taqiqlanadi.
24. Test topshiriqlarini belgilangan muddatdan oldin bajargan yoki test topshiriqlarini bajarish uchun ajratilgan vaqt tugagach nomzodlar test materiallarini auditoriya rahbariga topshiradi.
25. Komissiya a’zolari imtihon o‘tkazilgan kundan boshlab ikki kun mobaynida test savollariga berilgan javoblarni tekshirib, natijalarni (to‘g‘ri va noto‘g‘ri javoblar sonini) tegishli ravishda har bir nomzodning javoblar varag‘iga yozib qo‘yishi shart.
26. Nomzodning test savollariga bergan to‘g‘ri javoblari komissiya tomonidan quyidagicha baholanadi:
I blok fani bo‘yicha berilgan har bir to‘g‘ri javob uchun — 3,1 ball;
II blok fani bo‘yicha berilgan har bir to‘g‘ri javob uchun — 2,1 ball;
III blok fani bo‘yicha berilgan har bir to‘g‘ri javob uchun — 1,1 ball qo‘yiladi.
27. O‘quv markaziga nomzodlarni o‘qishga qabul qilish test sinovlari natijalariga ko‘ra to‘plangan ballarning reyting tizimi bo‘yicha amalga oshiriladi.
Test sinovlari natijalariga ko‘ra eng yuqori ball to‘plagan nomzodlar tegishli kvota doirasida o‘qishga qabul qilinadi.
Test sinovlari natijalariga ko‘ra qabul kvotasi doirasida ikki va undan ortiq nomzod bir xil ball to‘plagan taqdirda I blokda to‘plagan balli bo‘yicha, agar u ham bir xil bo‘lsa II blokda to‘plagan balli bo‘yicha o‘qishga qabul qilinadi (agar barcha bloklardagi ballar bir xil bo‘lsa o‘zaro suhbat asosida o‘qishga qabul qilinadi).
28. Test sinovlari natijalari komissiya tomonidan test savollariga berilgan javoblar natijalari barcha nomzodlarning javoblar varaqasiga yozilgandan keyin bir kun ichida e’lon qilinadi. Test sinovlari natijalari O‘quv markazining e’lonlar taxtasiga osib qo‘yiladi va bir vaqtning o‘zida uning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.
29. Test sinovlari natijalariga ko‘ra eng yuqori ball to‘plagan (tegishli kvota doirasida) nomzodlarning ro‘yxati komissiya majlisi bayoni bilan tasdiqlanadi.
30. Komissiya majlisining bayoni asosida O‘quv markazi direktori tomonidan nomzodlarni o‘qishga qabul qilish to‘g‘risida buyruq chiqariladi.
O‘quv markazida o‘qitish boshlangan kundan boshlab 15 kun mobaynida o‘z xohishiga ko‘ra o‘qish istagi bo‘lmagan o‘quvchi ariza bilan murojaat qilganda, uning o‘rniga qabul kvotasi doirasida to‘plangan ballarning reytingi bo‘yicha o‘qishga qabul qilinadigan nomzodlar chizig‘ining pastki qismida eng yuqori ball to‘plagan nomzod o‘qishga qabul qilinadi. Bunda test sinovi natijalari e’lon qilingan kundan e’tiboran o‘n besh kun muddat mobaynida nomzod o‘z xohishiga ko‘ra o‘qish istagi bo‘lmagan o‘quvchining o‘rniga qabul qilish to‘g‘risida ariza bilan komissiyaga murojaat qilishi kerak.
Ballar ketma-ketligi bo‘yicha ro‘yxatdagi oldingi nomzod o‘z xohishiga ko‘ra o‘qish istagi bo‘lmagan o‘quvchining o‘rniga qabul qilinishni arizasi bilan rad etgan holda yoki test sinovi natijalari e’lon qilingan kundan e’tiboran o‘n besh kun muddat mobaynida ariza bermaganda ro‘yxatdagi keyingi nomzod o‘qishga qabul qilinadi, O‘quv markazida o‘qitish boshlangan kundan boshlab o‘n besh kundan so‘ng berilgan arizalar bundan mustasno.
31. O‘qishga qabul qilingan o‘quvchilar haqidagi ma’lumot buyruq chiqarilgan kundan boshlab uch kun mobaynida O‘quv markazi tomonidan yo‘llanma bergan tegishli markaziga yuboriladi.
32. Test sinovlari natijalaridan norozi bo‘lgan nomzod O‘quv markazi direktorining buyrug‘i bilan tuziladigan apellatsiya komissiyasiga apellatsiya berish huquqiga ega.
33. Apellatsiya komissiyasi tarkibiga komissiya faoliyatida ishtirok etmagan O‘quv markazi xodimlari orasidan komissiya raisi va kamida to‘rt nafar, qoida tariqasida, har bir yo‘nalish bo‘yicha bittadan a’zo kiritiladi. Komissiya tarkibiga kelishuv asosida turdosh kasb-hunar kollejlarining o‘qituvchi yoki ishlab chiqarish ta’limi ustalari kiritilishi mumkin.
Nomzod test sinovlari natijasidan norozi bo‘lgan taqdirda, test sinovlari natijasi e’lon qilingan vaqtdan boshlab ikki ish kuni davomida apellatsiya berishi mumkin. Nomzod tomonidan berilgan apellatsiya apellatsiya komissiyasi tomonidan 24 soat mobaynida ko‘rib chiqilishi lozim.
Apellatsiyani ko‘rib chiqish natijalari tegishli dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi.
34. O‘qishga qabul qilish uchun hujjatlar qabul qilinadigan vaqt mobaynida hujjat topshirgan nomzodlar soni tegishli kasb yo‘nalishi bo‘yicha belgilangan qabul kvotasidan oshmagan taqdirda ushbu kasb yo‘nalishi bo‘yicha nomzodlar uchun test sinovlari o‘tkazilmaydi. Bunda ushbu kasb yo‘nalishi bo‘yicha hujjat topshirgan nomzodlarning ro‘yxati komissiya majlisi bayoni bilan tasdiqlanadi. Komissiya majlisining bayoni asosida Markaz direktori tomonidan nomzodlarni o‘qishga qabul qilish to‘g‘risida buyruq chiqariladi.
35. Nomzod kirish imtihoni o‘tkaziladigan kasbdan test sinovlari natijalariga ko‘ra o‘ta olmagan taqdirda test sinovlari o‘tkazilmagan (qabul kvotasi to‘lmagan) boshqa kasbga o‘tishi mumkin. Bunda nomzod ushbu Nizomning 6-bandida nazarda tutilgan uch tomonlama shartnomani o‘tmoqchi bo‘lgan kasbiga mos keladigan ishga joylashish bo‘yicha nusxasini uch kun muddatda ishchi guruhga taqdim etishi lozim.